05.11.2014

STIV JOBS


Stiv Jobs — dunyoning eng mashhur kishilaridan biri edi. Afsus endi u oramizda yo’q. Stiv Jobs — amerikalik talabalar taqlidiga munosib namunali inson.  Buni talabalarning o’zlari so’rovlar jarayonida e’tirof etadilar. Kattaroq yoshli amerikaliklar esa Stivni amerika orzusini ushalish timsoli deb hisoblaydilar.
U dunyodagi eng mashhur brend timsoli edi. Butun tanasini og’riqlar iskanjasiga olib,  sekin- asta emirayotgan kasallik ham uni ruhini sindirmagan, tushkunlikka tushirmagan edi.
Binobarin, Stiv Jobs insonlar uchun orzular ushalishining yorqin misoliga aylandi. Buning uchun ota-onasi badavlat bo’lishi yoki qudratli homiyga yoxud g’ayrioddiy iste’dodga ega bo’lish aslo shart emas ekan. Lekin buning uchun nimadur kerak-ku? Jobsni boshqalardan farqi nimada edi? Uning muvaffaqiyatlari siri nima? Bu kabi savollarga uning tarjimai holidan javob topish mumkin.

Stiv Jobsning tarjimai holi:
Stiv 1955 yil 24 fevral kuni tug’ilgan. Asl ota-onasi yosh aspirantlar  bo’lib, onasi Joan farzand ko’rib parvarishlashga o’zini tayyormas deb hisoblaydi va go’dakni asrab oladigan munosib oilani izlaydi. Joan ta’lim olishni juda muhim hisoblagani uchun, hali tug’ilmagan go’dakka oliy ma’lumotli  ota-ona  topishga harakat qiladi.
Shunday insonlarni topadi ham, biroq ular qiz farzand istashgan edi, aksincha Joan o’g’il farzand ko’radi. Shunda ular niyatidan qaytib, Joan shoshilinch ravishda boshqa nomzodlarni qidirishga majbur bo’ladi. O’g’il farzandli bo’lishni istagan bir oila topiladi. Ammo ularning oliy ma’lumoti yo’q edi.  Shunda ular Joanga nima qilib bo’lsa ham farzandlarini kollejda o’qitishga va’da berib,Stivni olib ketishadi. Ayni shu nuqtada Joanni Stiv Jobsning xayotidagi roli yakun topadi. Ammo...Stivnng hayotida bu hodisalar qanday iz qoldirdi? Haqiqatni bilgan chog’da uning qalbida nimalar kechgan ekan?
Asrandi farzand ekanligidan Stiv o’smirlik paytida xabar topadi. Shundan beri u asl ota-onalarini topishga ko’p bor urinadi.  Lekin bunday ma’lumotlar sir saqlanib, muhofaza etilgani sababli faqatgina 27 yoshiga kelib  unga o’tgan voqealar siri ma’lum bo’ladi.
Asl ota-onasi Stivdan keyin Mona ismli qiz ko’rganligini, otasi siyosatshunos, onasi esa logoped bo’lganligi  eshitadi. Ma’lum vaqt singlisi Mona bilan aloqada bo’lsa ham, ota-onasi bilan hech ham ko’rishmaydi.
Keyinchalik Stiv hayotidagi bu hodisalar uning ruhiy xususiyatlariga hech qanday ta’sir o’tkazmaganligini bir necha bor ta’kidlagan. Lekin uning ba’zi tanish va do’stlari, Stivning muvaffaqiyatlar sari tinimsiz intilishining sababi, asl ota-onasini qilgan ishiga qattiq o’kinishga va pushaymon qildirishga bo’lgan istak edi, deb hisoblaydilar. Buni o’zi bilmagan holda yoki chuqur o’ylab qilgan.
Endi uni asrab olgan insonlar haqida so’z yuritsak. Ular Klara va Pol Jobs edi. Aynan ular bolaga Stiven Pol Jobs deb ism qo’yadilar. Klara oddiy hisobchi, Pol esa mexanik edi. Ular Kaliforniyada, Kremniy vodiysida Mauntin-Vyu shahrida yashashgan. Oiladagi munosabatlar juda ham yaxshi yo’lga qo’yilgandi. Stiv otasi bilan do’stona munosabatda edi. Stiv otasini unchalik yaxshi ma’lumotga ega bo’lmasada, lekin qo’li gul inson bo’lganligini ko’p bora aytgan. Ular aksariyat vaqtini garajda turli elektron buyumlarni sochib-yig’ish bilan o’tkazishardi. Otasi esa mashina tuzatib o’g’lini kollejda o’qitish uchun mablag’ yiqqan.

Tabiiyki Stiv elektronika bilan qiziqa boshlaydi. Maktabda o’qib yurgan paytlaridayoq, darslardan keyin o’sha davrda ham informatsion texnologiyalar  sohasidagi yirik amerika kompaniyasi Hewlett-Packardning lektsiyalariga qatnashgan. Shu paytda Jobs kompyuter klubi ustasi boshqa bir Stiv (Voznyak) bilan tanishadi.
Katta hayot boshlanishi.
Maktabni tugatgandan so’ng Stiv asl onasi orzu qilganidek kollejga o’qishga kiradi. Portlend shahridagi Rid-kollejga. Stiv kollejda  bor yo’g’i olti oy o’qidi. Keyinchalik buni shunday izohlaydi: «O’sha vaqtlari men hayotimda kim bo’lishimni, nima ish bilan shug’ullanishimni bilmasdim,  bu ishda kollejni ham menga yordami tegmasdi».
Qisqasi, Stiv uni yoshligidan tayyorlashgani uchungina kollejga kiradi. Stivdan boshqa hammaga shu kerak edi.  Sir emaski, ko’pgina odamlar o’zi hohlamagan va uni ustiga unga qobiliyati ham bo’lmagan kasb egasiga aylanadi. Endi o’zingiz ayting, bu kasbida ular qanchalik yuqori  natijalarga erisha oladi?
Shunday ekan, o’zingizga zavq bag’ishlamaydigan va hayotda muvaffaqiyatlar sari etaklamaydigan ta’limga  vaqt sarflash shartmikan? Ko’pchilik bunaqa sharoitda  bo’layotgan ishlar bekorga emas degan umidda o’qishni davom ettirib yuraveradi. Lekin Stiv bundaylardan emasdi: u vaqtni bekorga ketkazmaslikka qaror qiladi. Avvaliga u o’zini anglab, o’zi haqiqatda qiziqadigan kasbni topishni istadi...
Stivdan nimani o’rganish mumkin? Omadli insonlar o’ziga haqiqatda qiziqarli bo’lgan ish bilan shug’ullanishni afzal ko’radi. Stiv Jobs-shunday insonlarning biri edi.
Keyinchalik Stiv bu davrni hayotining eng yaxshi paytlardan biri deb e’tirof etadi. Yotoqxonada o’z xonasi bo’lmaganidan, do’stlarining xonasida erda tunab, kola idishlarini  yig’ib 5 tsentdan topshirib, xaftada bir marta  tekin yaxshi ovkat eyish uchun shaharni narigi burchagiga 7 km yo’l bosishiga ham to’g’ri kelardi. Shu bilan birga kollejda ma’lum bir darslargagina, misol uchun xattotlikka qatnashardi. Ancha yil o’tib Stiv, Macintoshga shriftlar tayyorlashda bu bilimlar asqotganini ta’kidlaydi.
Talabalikning bu gashtli onlari uzoq davom etmadi. Yarim yil o’tib Jobs Kaliforniyaga qaytadi. U erda  videoo’yinlar ishlab chiqaruvchi  Atari kompaniyasida texnik bo’lib bir muddat ishlaydi. Ishlashdan maqsad tajriba emas, Hindiston safari uchun bir oz pul ishlash bo’lgan.
Stivdan nimani o’rganish mumkin? Yana o’sha, taqdiriga  kelajakda mashhur va omadli inson bo’lish bitilgan kimsa,  odatga ko’ra emas, o’zi hohlaganidek ish tutadi! Omadli insonlar shiori — «O’zganing hayoti bilan yashama!»
Jobs safarga kollejdagi do’sti Daniel Kottke bilan chiqadi. Hindistonda etti oy bo’lib, buddist bo’lib qaytadi. Shundan biroz o’tib Jobs Voznyak bilan  Apple Computers ga asos soladi.
Ikki Stiv: Djobs va Voznyak, AppleComputers

Hammasi Jobsning garajida boshlanadi. Boshlang’ich mablag’  sifatida Jobs o’zining biroz eskirgan Folksvagen mikroavtobusini sotib pulini o’rtaga tashladi, Voznyak esa HP kalkulyatoridan voz kechishga majbur bo’ldi. Hammasi bo’lib ikkovlon   1300 dollar pul to’plashdi. 1976 yil Apple ga asos solindi.  Oradan 8 yil o’tib esa, kompaniya o’sha mashhur Macintosh — grafik interfeysli kichikroq kompyuterni dunyoga taqdim etdi.
Bu Applening birinchi mahsuloti emasdi. Ikki Stiv kompyuter sanoatida inqilobiy o’zgarishlarni amalga oshirdi : ular texnologiyalarni ommalashtirdilar va kichikroq, tushunarliroq, qulayroq va arzonroq kompyuterlar ishlab chiqara boshladilar, bu esa o’z navbatida mahsulotlarni  xaridorgirligini oshirardi.
Ammo 1984 yil oxiriga kelib savdolar hajmi tushib ketdi.  Bu esa kompaniya ichida ziddiyatlarni keltirib chiqarardi. O’sha vaqtda Apple ning boshqaruvchi direktori Jon  Skalli  ( bir yil oldin Stiv uni o’zi  shu lavozimga taklif etgan edi) va Stiv  kompaniya boshqaruvi uchun  o’zaro kurash olib borayotgan edi. Bu kurash Stiv mag’lubiyati bilan xotima topadi.
Kompaniyaning hamma xodimlari ham Stivdan u qadar mamnun emasdilar. Ba’zilar uni o’ta ekstsentrik, hissiyotli ba’zan esa shafqatsiz deb hisoblardi. Bu esa Skallining g’alabasiga  juda qo’l keldi. 1985 yil Stiv iste’foga chiqib, Apple dan ketadi.
Appleda Stiv daho emasdi - avvaliga bu ishni Voznyak bajargan bo’lsa, keyinchalik professional xodimlar ishga olingandi. Lekin qanaqasiga olib qaramang, Jobssiz Apple ham bo’lmasdi.
Ikki Apple orasi.
Jobs qo’l qovushtirib o’tirmadi. U Next Computer kompaniyasiga asos soldi. Kompaniya grafik ishchi stantsiyalar loyihalash va ishlab chiqarishga ixtisoslashgandi.

Ammo bu ishchi stantsiyalar savdosi ko’ngildagidek bo’lmadi. Ular juda ilg’or bo’lishi bilan birga anchagina qimmat ham edi. Xaridorlar esa arzonrog’ini  hohlardi.
Stivdan nimani o’rganish mumkin?  Omadli inson o’zi asos solgan kompaniyadan ketsa-da, tushkunlikka tushmadi. Tezgina yangi bir kompaniya tashkil qilib, o’z qobiliyatlarini ishga solishni yangi yo’nalishlarini, imkoniyatlarini izlay boshlaydi.
«NextComputer»ga asos solinganidan bir yil o’tib, Stiv Jobs Jorj Lukasning «The Graphics Group» animatsion studiyasini sotib oladi. Tez orada kompaniya  Pixar Animation Studios nomini oladi. Jobs unga 50 million dollar o’z sarmoyasini kiritadi.
Avvaliga Pixar ning ishlari uncha yurishmadi. Kompaniya grafik stantsiyalarga uskunalar (apparat qismi) ishlab chiqarishga ixtisoslashishi mo’ljallangandi. Ketma-ket zararlardan keyin, kompaniya yo’nalishi biroz o’zgartirildi. Disney kompaniyasi bilan shartnoma tuzilgandan keyin, «O’yinchoqlar tarixi», «Monstrlar Korporatsiyasi», « Nemoni qidirib», «Ratatuy» kabi o’ta mashhur multfilmlar dunyo yuzini ko’rdi.
PIXAR kompaniyasi kompyuter multfilmlarini ishlab chiqara boshladi va katta tushumlar davri boshlandi. Birinchi multfilm 1995 yilda ekran yuzini ko’rgan bo’lsa, keyingi 15 yilda ko’plab animatsiya xitlari paydo bo’ldi.
1995 yilda «O’yinchoqlar tarixi»( «Toy Story») chiqishi bilanoq bu muvaffaqiyatligi ayon bo’ldi. 1997 yilda Jobs u qadar foyda keltirmayotgan NextComputer ni sotadi, yana kimga deng, albatta  Applegada. Kamiga o’zi ham kompaniyaning boshqaruvini o’z qo’liga oladi.
Apple ga qaytish.
Shu zahotiyoq Stivni  Applening «tumori» sifatida ko’ra boshlashdi. Aynan u bilan  Apple  70-yillarda asos solinishi bilan darhol ommalashib ketdi va uning o’zi bilangina 90-yillar oxirida muvaffaqiyatlarining ikkinchi davrini  boshlaydi.
Stiv Jobs brending, dizayn,  marketing va reklama sohasida tengi yo’q usta edi. 90-yillar oxirida nafaqat AQShda, balki butun dunyoda ommalashib  ketgan iMAC  ham Stiv Jobsning ijodi mahsuli.
Stivning kompaniyaga qaytishi murosasizlik bilan boshlandi: ketma-ket xodimlar ishdan bo’shatila boshlandi, kompaniyada asabiy muhit hukm surardi. Lekin bular evaziga savdolar hajmi oshardi. Stiv kompaniyaga juda zarur edi. Yangi boshliqni boricha qabul qilishdan o’zga chora qolmagandi.

Apple  tez suratlar bilan rivojlana bordi:  birin-ketin  iPod, iPhone, iPad kabi yangi mahsulotlar paydo bo’ldi. Bu yangi mahsulotlarning hammasiga  ham talab juda katta edi. Bu Jobsning g’alabasi edi.
Xastalik
Ammo bularning hammasi Jobsning xastalik g’ami ostida qolish xavfida edi-Stiv oshqozon osti bezi saratoni bilan xastalangandi. Bu narsa 2003 yilda Stivga ma’lum bo’ldi.  Ammo u tushkunlikka tushmadi. Stiv darhol tig’ ostiga tushishni istamadi, avvaliga parhez qilib, sharq tabobati bilan   davolanib ko’rdi.  Direktorlar kengashi asabiy holatda edi. Bordi-yu bu xabar tarqalib ketsa,  aktsiyalar narxi pasayib ketishi mumkin edi.  Natijada 2004 yilda oxir oqibat o’sma  jarrohlik yo’li bilan olib tashlanadi.
Jobs ozib-to’zib tinimsiz mehnat qilardi. Turli seminar, konferentsiya va taqdimotlar usiz o’tmasdi. U Apple ning yangi mahsulotlari taqdimotlarini o’tkazardi. Yana shunaqa mohirlik bilanki, millionlab odamlarda  uning bu mahsulotlarini shu zahotiyoq olish istagini uyg’ota olardi.
2011 yilning avgust oyida Stiv iste’foga chiqadi. 5 oktyabr kuni oilasi davrasida olamdan ko’z yumadi.
Shaxsiy hayoti.  Jobs oilali, to’rt farzand otasi edi.

Stiv Jobsning muvaffaqiyat sirlari:
1. Jamoa.  Stiv, jamoasiz hech narsaga erishib bo’lmaydi deb hisoblardi.  Ko’pchilik  bo’lganda,  ishtirokchilarning salbiy sifatlari namoyon bo’lmaydi, aksincha ular o’zaro yaxshi sifatlari bilan o’rtoqlashadi. Muhimi, ular  har biri alohida qilgan ishdan ko’ra birgalikda qilganlari unumliroq bo’ladi.
2. Ozginayu-sozgina. Stiv  diqqatini kamroq ish, maksad va natijalarga qaratishni afzal ko’rgan. U Applega qaytgan vaqtda kompaniya  assortimenti juda katta bo’lishiga qaramasdan kasod bo’lishiga ozgina qolgandi. Jobs 300 ta eng umidsiz mahsulotni 10 ta eng xaridorgirga aylantirdi. Uning shiori  «minglab narsalarga vaqtida yo’q deya ol!». Bu kabi minimalizm  Stivga hamma ishda xos bo’lgan.  Birgina kiyinishiga qarasangiz bas.
3. Mahsulot emas, orzular savdosi. Nima uchun Apple Stiv Jobs qaytganidan keyin bunaqa tez va yuqori ko’tarildi? Chunki Jobs mahsulotni emas, hayot tarzini sotish muhimligini anglab etgandi. iPhone, iPad, Macbooklarni boshqa shu kabi mahsulotlardan  nimasi ustun? Shunisiki,  Apple mahsulotlari alohida maqomga ega.  Shuning uchun millionlab odamlar uning mahsulotlariga ega bo’lishga intiladi.  Ular shunchaki bu darajadagilarga qo’shilmoqchi xolos.
4. Ijodiy yondashuv. Jobs  ham hazil-mutoyibaga usta, ham ijodiy fikrlash qobiliyatiga ega edi. Original jumla va g’oyalar unga yo’l-yo’lakay kelardi. Shuning uchun ham bolalarda mantiqiy fikrlashdan tashqari abstrakt, ya’ni ijodiy fikrlash qobilyatini ham rivojlantirish juda muhimdir. Aynan shu narsa muvaffaqiyat kalitlaridan biridir. Shuningdek, fikrini qisqa va aniq izohlay(tushuntira) bilish ham muhimdir. Jobs kabi...
5. O’z hayoting bilan yasha. Jobsning hayotini kuzatarkansiz, u inson faqat va faqat o’zi yoqtirgan ishi bilan shug’ullanganini, o’zi qiziqmagan ish qilgandan ko’ra och yurishni ma’qul ko’rganini anglash mumkin.

2 комментария: